Тақыятас районы
Мәлимлеме-китапхана орайы

Mashhur o‘zbek ma’rifatparvari, shoiri va jamoat arbobi, Milliy uyg’onish davri o‘zbek adabiyotining yirik vakili Abdulla Avloniyning hayoti va ijodiga uslubiy qo‘llanma

Mashhur o‘zbek ma’rifatparvari, shoiri va jamoat arbobi  Abdulla Avloniyning hayoti va ijodi haqida

 

                                                      «Tarbiya biz uchun yo hayot-yo mamot, yo najot-yo halokat, yo saodat-yo  falakat masalasidir»

                                                                                                                                                                                                                                                               Abdullo Avloniy

Abdulla Avloniy 1878-yilning  12-iyulida  Toshkentda Mergancha mahallasida dunyoga keldi. Otasi  Miravlon aka mayda hunarmandlik-to‘quvchilik bilan  shug’illangan. Piyonbozorda (hozirgi Navoyi teatri maydoni), Yarmarka bozorida (hozirgi sa’nat muzeyi atrofi) bo‘z va chit bilan savdo qilardi. «Onamning oti Fotimadir» deb yozadi adib o‘z tarjimayi holida.

Abdulla 7 yoshdan O‘qchidagi eski maktabda Akramhon domlada savod chiqardi. 1890-yilda shu mahalladagi madrasaga o‘tdi. So‘ng Shayhontohurdagi  Abdumalikboy  madrasasida Mulla Umar Oxundda tahsil ko‘rdi.  Ammo tirikchilikning og’irlashuvi o‘qishga imkon bermaydi. «1891-yildan boshlab faqat qish kinlarida o‘qib, boshqa fasillarda mardikor ishladim»,- deb yozadi Avloniy. Ko‘p  o‘tmay bu ham bahram topdi. U butunlay  ishga sho‘ng’ib ketdi. O‘zi aytkanidek, «binokor»likni o‘rgandi, «g’isht quyish, suvoqchilik, pechkachilik, durodkorlik ishlari» bilan mashg’ul bo‘ldi.

1900-yilda  Avloniy toshkentlik savdogar bir xonadonning Salomatxon degan  qiziga uylanadi. Shu yili  otasi vafot etadi.

1904-yilda  Avloniy Mirobodda usuli jadid maktabi ochadi.

1907-yilda o‘z hovlisida «Shuhrat» gazetasini  chiqara boshladi. Gazetaning yuli ayon bo‘lishi bilan do‘stidan dushmani ko‘payadi. Natijada, 10-soni chiqib bekildi. Redaktsiya asbob-ashiyolari, qog’ozlar va materiallar hammasi musodara qilindi. Lekin Avloniy bo‘sh kelmadi. A.Bektemirov nomiga ruhsat olib «Osiyo» ni chiqara boshladi. Bu gazetalar o‘zbek milliy matbuotining dastlabki namunalari bo‘lishi bilan ham muhim edi.

1908-yilda Avloniyning Mirobaddagi maktabi yopildi. Buning sabablari ko‘p bolishi kerak. Avloniy, nazarimizda, o‘z tarjimay holida shulardan bittasini tilga oladi: «Maktabimda er, odamlar, tog’-toshlar, daryo, osmon haqinda suhbatlar o‘tkazilmoqqa harkat qilganimni Mirobod johil kishilari bilishib, meni kofir bo‘lding , deb, maktabimni yopdilar…»

Adib 1909-yilda Degrez mahallasida yana maktab ochadi.   Avloniy dars berish jarayonida ochilayotgan yangi usuldagi maktablar uchun har jihatdan qulay bo‘lgan ko‘plab darsliklar yaratish zaruriyatini his qiladi. Negaki ,yangi maktabning  afzalligini shunchaki targ’ib qilish, o‘z o‘quvchilari misolida ko‘rsatish hali kifoya emas edi.

1909-yilda «Jamiyati xayriya» ochdi va mahalliy xalq  bolalarining o‘qib bilim olishi uchun pul yig’ib maktablarga tarqatdi.

1913-yilining ohirida «Turon»  jamiyati maydonga keldi. Truppaning g’oyaviy-badiy rahbari Avloniy edi. Jamoat qoshida teatr truppasi tuzildi. Avloniy truppasi  sahnalashtirilgan birinchi asar  Behbudiyning «Padarkush»i  bo‘ldi. 1914-yilning 26-dekabrida truppa «Turkiston» nomi bilan Farg’ona vodiysi bo‘ylab safarga chiqdi, bir qator shaharlarda gastrolda bo‘ldi. Agar siz o‘sha yillari chiqib turgan vaqtli matbuot sahifalariga ko‘z tashlasangiz truppaning  Qo‘qon (1915-yil 7-yanvar), O‘sh (29-yanvar)da qo‘ygan spektakllari va ularda Avloniyning faol ishtiroki, xususan, ijrochilik mahoratiga oid ehtiros bilan yozilgan maqolalarga  duch kelasiz.

1914-1915- yillarda  advokat  Ubaydulla Xo‘jaev bilan «Sadoyi Turkiston» gazetasida hamkorlik qiladi. Gazetadagi she’r va maqolalarning aksariyati Avloniy qalamiga mansub. Bu hol uning tahririyatdagi mavqe – e’tiborining ancha baland bo‘lganligini ko‘rsatadi.

Avloniy 1917-yil Fevral voqealardan keyin «Yashasin halq jumhuriyati!»  shiori ostida «Turon» gazetasini chiqardi. Gazeta o‘z maslak-maqsadini «Musulmonlar orasida ko‘p yillardan beri davom o‘lan umumg’a zo‘rlik, bid’at va odatlarini bitirmak, kelajakda bo‘ladirg’on jumxuriy idoraga halqni tayyorlamoq» deb e’lon qilindi. Biroq gazeta juda katta qiyinchiliklar bilan dunyo yuzini ko‘radi… Gazeta boykot  qilindi. Bu hodisa katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Avloniy  gazetadan olib tashlangach, muharrirlikka Mulla Xusayin o‘g’li tayinlandi. Shunda ham Avloniy gazetadan uzilib ketmadi. Unga yordam berdi.

Fevral inqilobidan so‘ng voqealar qizg’in va shiddatli kechdi. Siyosiy partiyalar jonlandi. Avloniyning «Turon» jamiyati ham bu voqealar ta’siridan chetda qolmadi.

Avloniyning sovetlarga va ular orqali bolsheviklarga yaqinlashishi 1917-yilning iyuniga to‘g’ri keladi. Jumladan, 6-iyunda Toshkent ishchi va soldat deputatlari soveti qaroriga ko‘ra «Eski shahar oziq-ovqat komissiyasi a’zosi», 20-noyabrdan  esa «Rusiyaning boshqa viloyati va guberniyalariga Sirdaryo viloyatidan yuboriladigan eng zarur oziq-ovqat mahsulotlarini  ushlab qolish va Eski shahar ozik-ovqat komitetiga ma’lum qilish huquqi bilan nazorat etuvchi vakil» qilib tayinlanadi.

Avloniy 1917-yilda o‘qituvchilik ishlari bilan shug’ullanishga ham imkon topdi. Shoirning arxivida saqlangan pasportida uning shu yili        31-iyun va 3-avgust kunlari Qozonda «Bolgar» mehmonxonasida yashaganligi qayd qilingan. Iyunda nima munosabat bilan borgani nama’lum, lekin 1-avgustda Qozonda Butunrusiya musulmon o‘qituvchilarining II z’ezdi ochilgan va Avloniy unda vakil edi. Shoir 1917-yil maxalliy muallimlar o‘rtasida  siyosiy ishlar olib boruvchi «O‘qituvchilar soyuzi» ni tuzgan edi…

1919-yilning iyunida Avloniy RSFSR hukumatining topshirig’i bilan Afg’onistonga boradi. 1919-yilning 28-sentyabridan 1920-yilning 20-iyuligacha Hirotda bosh konsul bo‘lib turadi. Avloniy  1920-yilda  sog’lig’i tufayli Afg’onistondan chaqirib olinadi va Turkbyuroning madaniyat bo‘limiga boshliq qilib tayinlanadi. U shu yillari «Kasabachilik harakati» jurnalining muharriri «Qizil bayroq» gazetasining tahrir hay’ati a’zosi sifatida ish olib boradi.

1921-yildan maorif sohasida o‘tadi. O‘sha yili Toshkentdagi o‘lka bilim yurtida,1923-yilda Toshkent xotin-qizlar bilim yurtida mudir, 1924-yilda harbiy  maktabda o‘qituvchilik qiladi.

1925-1930- yillarda O‘rta Osiyo Kommunistlik universiteti (SAKU),  O‘rta Osiyo qishloq ho‘jaligi maktabi (SAVKSXSH) da, O‘rta Osiyo davlat universiteti (SAGU) da dars beradi. Pedagogika fakultetining til va adabiyot kafedrasi professori, so‘ng mudiri bo‘lib ishlaydi.

Avloniy 1927-yilda «Mehnat qahramoni» unvoni bilan taqdirlandi. 1930-yilda unga «O‘zbekiston xalq maorifi zarbdori» fahriy unvoni berildi.

Abdulla  Avloniy 1934-yil 25-avgustda vafot etdi.

Alloma  adib hayoti va ijodiga san’at ahli e’tibor berdi. O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Alining «Boqiy dunyo» she’riy roman va O‘zbekiston  xalq yozuvchisi Tohir Malikning «Qaldirg’och» qissalarida Avloniyning badiy adabiyotdagi obrozlari  maydonga  keldi.

Istiqlol yillarida Abdulla Avloniy hayoti va ijodini o‘rganish, asarlarni kayta nashr qilish  ishlari jadallashdi. Adiblar xiyobonida adibga yodgorlik o‘rnatildi. Kino san’ati ijodkorlari  «Avloniy» badiy filimini   suratga olib xalqimizga namoyish qilishdi.

2020-yil Abdulla Avloniy «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofatlandi.

Avloniy «1894-yildan boshlab yozishga tutingan» bo‘lsa da, u she’rlar bizgacha etib kelmagan. Shoirning ilk she’rlari dastlab 1905-yildan  keyin dunyo yuzini ko‘rgan milliy gazetamizda chop etilgan. Keyinchalik Avloniy bu she’rlarini o‘zining «Adabiyot yohud milliy she’rlar» to‘plamlariga kiritdi.

Shoirning «Adabiyot yoxud milliy she’rlar»  nomli to‘rt qismdan iborat she’riy to‘plamlari 1909-1917-yillar oralig’ida  alohida-alohida bir necha marotaba nashr qilingan. Shuningdek, o‘sha davr vaqtli matbuoti sahifalarida ham shoir she’rlarini ko‘plab uchratamiz. Bu she’rlarning deyarli hammasi mazkur to‘plamlarga kiritilgan. Aksariyati shoirning 1905-yildan keyingi ijodiga mansub bo‘lib, milliy-ijtimoiy  harakterdadir. Buning sababi shundaki, 1905-yildan keyin she’riyatning  o‘z masalalari  paydo bo‘ldi. Vatan va millat dardini anglashga urinish sezila boshladi.

Har bir inson o‘z erki bilan inson bo‘lganidek, har bir davlat ham o‘zining mustaqilligi, ozodligi bilan to‘laqonli davlatdir. Jadid bobolarimiz bunday davlatni sog’inib yashab o‘tdilar. Shuning uchun ham ular ijodida istibdoddan qonga to‘lgan dil  nolalarini va milliy ozodlikni  sog’ingan qalb sodalarini eshitish mumkin. Zero, Milliy uyg’onish deb nomlangan adabiyotning yirik siymolaridan biri  Abdulla Avloniydir.

Avloniy erk va ozodlikni har narsadan baland tutarkan, unga olib boradigan birdan-bir  yo‘l ilm-ma’rifatni bildi. Shu sabab Vatani, xalqi uchun  zarracha manfaat etkazishni o‘ylagan kishini ma’rifatga da’vat etdi. Ilm-fanni egallashga ozgina bo‘lsin xalaqit berishi mumkin  bo‘lgan har qanday tartiblar, shu jumladan, eski o‘qitish usuli keskin tanqid qilindi. Ilm-ma’rifat,  ayniqsa, Evropa  madaniyati ilhom bilan targ’ib etildi.

Abdulla Avloniy publitsistik  maqolalarining aksari  1914-1915-yillarda chop etilgan «Sadoyi Turkiston» gazetasida bosilgan. Bu  hol uning tahririyatdagi mavq’e-e’tiborning ancha baland bo‘lganligini ko‘rsatadi. Mana u maqolalarning bazilari: «Tiutr xususida munozara», «Madaniyat to‘lqinlari», «Kim nimani yaxshi ko‘rar», «O‘z shahrimda sayohat», «Kayfim uchdi», «Zakot», «Hifzi lison», «Jaholat», «Safohat balosi».

Avloniyning 10-yillarda yozgan «Pinak» (1915), «Advokatlik osonmi?» (1916) dramatik asarlari da she’riyatdagi g’oya va fikrlari davom etdi.

Avloniy 17-yildan keying yana 17 yil yashagan bo‘lsa-da, ijodda ham faoliyatda xam inqilobdan ilgargidek serharakat bo‘lgan emas. Xatto birorta adabiy-badiy kitob yoxud to‘plami bosilmagani ham buni ko‘rsatib turibdi. To‘g’ri, «Nabil», «Indamas», «Shuhrat», «Tangriquli», «Surayyo», «Chol», «Ab», «Chegaboy», «Abdulhaq» kabi imzolar bilan gazeta-jurnallarda, ayniqsa  «Mushtum»da ko‘plab hajviyalar –she’rlar, kulgi hikoyalar bostirib turdi.

U o‘z zamonasining  jonli odami , farzandi edi. Shuning uchun ijodida ham zamon murakkabligi bilan izohlanadigan nuqsonlar yo‘q emas. Lekin yuqorida shoirning ma’rifatchiligi faoliyati va ijodiy merosi misolida ko‘rib o‘tkanimizdek, Abdulla Avloniy hamisha o‘z xalqig’a, Vataniga sodiq qoldi. Buning  guvohi – uning ijodi, uning faoliyati! U hamma vaqt xalq  dardi bilan yashadi. U o‘z xalqi g’amiga  hamdardgina  bo‘lib qolmadi,  uning istiqboli uchun qayg’urdi,  unga ozodlik va baxt qidirdi, uni muqaddas g’oyalar uchun kurashga da’vat qildi. Maktablar ochib, keng xalqni ma’rifatli qilishga,  yoshlarni  davrning  ilg’or  ruhida  tarbiyalashga  urindi. Ta’limiy-axloqiy asarlar, darsliklar yozib, o‘zbek pedagogik fikri taraqqiyotida sezilarli iz qoldirdi.  Jadidchilik  harakatining, o‘zbek jadid adabiyotining, yaxni milliy ong, milliy adabiyotning maydonga kelishi va taraqqiyotiga katta xizmat qildi.

                         

                                  XIKMATLI SO‘ZLARIDAN

Yaxshi xulqlarning yaxshiligini, yomon hulqlarning yomonligini dalil va misollar bilan bayon qiladigan kitobni axloq deydilar.

So‘ylasang so‘yla yaxshi so‘zlardan,

Yo‘qsa  jim turmog’ing erur  yaxshi.

O‘ylasang, yaxshi fikrlar o‘yla,

Yo‘qsa, gung bo‘lmog’ing erur yaxshi…

 

Jasadning ham, nafsning ham biror surati bordirki, yo yaxshi va yo yomon bo‘ladi. Jasadning surati xammaga ma’lum bir narsadirki, xar vaqt ko‘zga ko‘rinib turadi. Ammo nafsning surati ko‘zga ko‘rinmaydigan aql bilan o‘lchanadiki, buni hulq deb ataydilar.

Hulqi yomon yuz-ko‘zidan na sud,

Yuz-ko‘zli hulqin qilmas kashud.

Hulqi yomoning kelturar ko‘p zarar,

Hulqing o‘zi boshingga kaltak urar.

 

Insonlar uchun eng muhim hisoblangan, obro‘ keltiruvchi, baland daraja beruvchi ahloq tarbiyasidir…Shuning uchun tarbiya qiluvchi muallimlarning o‘zlari  ilmlariga amal qiluvchi bo‘lib, shogirdlariga  ham bergan darslarini amal bilan qo‘shib o‘rgatmoqlari  lozim. Bu tarzda ta’lim bilan berilgan  dars va ma’lumot shogirdlarning diliga tez ta’sir etib, ilmiga amal qiluvchi bolalar bo‘lishiga hizmat qiladi.

                                   

                                      Olimlar tilidan

 

         Avloniyning muallimlik faoliyati, ta’lim-tarbiya fikrlari jadidchilikning muhim bir qanoti amaliy ma’rifatchilikning yo‘nalishi  va xususiyatlarini belgilashga yordam bersa, she’riyati XX asr o‘zbek milliy she’rining maydonga kelishi va tarixiy takomilini tayin etishda qimmatli materiallar beradi…

Avloniy  erk  va ozodlikni xar narsadan baland tutarkan, unga olib boradigan birdan-bir yo‘l deb ilm-ma’rifatni bildi. Shu sabab Vatani, xalqi uchun zarracha manfaat etkazishni o‘ylagan kishini ma’rifatga da’vat etdi.  Ilm-fanni egallashga ozgina bo‘lsin  xalaqit berishi mumkin bo‘lgan har qanday tartiblar, shu jumladan eski o‘qitish usuli keskin  tanqid qilindi…

Avloniy she’rlarini o‘qir ekanmiz, ko‘z oldingizga XX asr boshidagi Turkiston  manzaralari gavdalanadi. Shoir unga yuksaktan, dunyo xalqlari xayotida yuz berayotgan o‘zgarishlar, Ovrupodagi  taraqqiyot nuqtay nazaridan razm soladi…

Avloniyning muallimlik faoliyati, ta’lim-tarbiya fikrlari jadidchilikning muhim bir qanoti amaliy ma’rifatchilikning yo‘nalishi va xususiyatlarini belgilashga yordam bersa, she’riyati XX asr o‘zbek milliy she’rining maydonga kelishi va tarixiy takomilini tayin etishda qimmatli materiallar beradi.

                                                                          Begali Qosimov

 

Toshkentda ilk bor ochilgan «Jamiyati xayriya»ning asoschilari bo‘ldilar…  1913-yilda ular «Jamiyati xayriya» zaminida Toshkentning ma’rifatparvar ziyolilari, boylari  bilan birgalikda «Turon» jamiyatini vujudga keltirdilar.

Ulug’bek Dolimov

          Abdulla Avloniyning pedagogikaga oid asarlari ichida uning 1913-yilda yozgan «Turkiy guliston yoxud axloq» asari XX asr boshlaridagi pedagogik fikrlar taraqqiyotini o‘rganish sohasida katta ahamiyatga molikdir…

Abdulla Avloniy «Turkiy guliston yohud axloq» asarida pedagogikani «Pedagogiya», ya’ni «bola tarbiyasining fani demakdir»,  deb tariflaydi. Tabiy, bunday ta’rif Avloniyning pedagogika fanini yaxshi bilganidan, bu sohada kuchli va keng ma’lumatga ega bo‘lganidan dalolat beradi…

Abdulla Avloniy o‘z davrida kishilarda, yosh avlodda chin insoniy axloqiy xislatlar tarbiyalashni istadi. U ta’lim va tarbiya, ilm va ma’rifat olish yo‘li bilan vatandoshlarining baxtli va saodatli bo‘lishini  orzu qildi.

M.Maxsumov

 

Abdulla Avloniyning «Advokatlik osonmi?», «Pinak» bir pardali  komediyalari va «Biz va Siz» to‘rt pardali fojeasi  jadid dramaturgiyasining ilk davriga mansub p’essalar ro‘yxatidan o‘rin oladi.

                                                                                 Shuhrat  Rizaev                 

 

                                 Foydalanilgan     adabiyotlar

                           Abdulla  Avloniy  asarlari  roxati

  1. Abdulla Avloniy. Toshkent tongi (Nashrga tayyorlovchi B.Qosimov). – Toshkent: G’.G’ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti. 1979.
  2. Abdulla Avloniy. Afg’on sayoxati. «Sharq yulduzi» jurnali, 1990-yil, 7-son.
  3. Abdulla Avloniy. Turkiy guliston yohud ahloq (Nashrga tayyorlovchi M.Maxsumov). – Toshkent: O‘qituvchi, 1992.
  4. Abdulla Avloniy. O’son, millat. – T.: Sharq, 1993.
  5. Abdulla Avloniy . Muxtasar tarixi anbio va tarixi Islom.-Toshkent: Fan, 1994.
  6. Abdulla Avloniy. Tanlangan asarlar. Ikki jildli (Nashrga tayyorlovchi B.Qosimov).- Toshkent: Ma’naviyat, 1998.
  7. Abdulla Avloniy. Turkiy guliston yoxud axloq (Hozirga o‘zbek tilida muvofiqlashtiruvchi O.Oltinbek).-Toshkent: Sano-standart, 2012.

 

             Abdulla Avloniy hayoti va ijodiga oid asarlar

  1. Qosimov B. Abdulla Avloniy.-Toshkent, 1979.
  2. Qosimov B. Milliy uyg’onish.- Toshkent: Ma’naviyat, 2002.
  3. Qosimov B. Uyg’ongan millat ma’rifati. – Toshkent: O‘qituvchi, 1990.
  4. Dolimov U. Turkistonda jadid maktablari. – Toshkent: Universitet, 2006.
  5. Qosimov B., Dolimov U. Ma’rifat darg’alari.- Toshkent: O‘qituvchi, 1990.
  6. Rizaev Sh. Jadid dramasi. – Toshkent: Sharq, 1997.
  7. Do‘stqoraev B. O‘zbeksiston jurnalistikasi tarixi. – Toshkent: G’.G’ulom nomidagi nashryot-matbaa ijodiy uyi, 2009.
  8. Barakaev R. O‘zbek bolalar adabiyoti va Abdulla Avloniy ijodi. – Toshkent: Fan, 2004.
  9. Karim, Boxodir. Avloniy ziyosi // «Til va adabiyot ta’limi» jurnali. 2020-yil, 7-son.
  10. Saidov U. Evropa ma’rifatchiligi va Milliy uyg’onish. – Toshkent: Akademiya, 2004.
  11. Said, Ziyo. Tanlangan asarlar. – Toshkent: G’.G’ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashryoti, 1974.
  12. Zunnunov A. va boshq. Pedagogika tarixi. – Toshkent: Sharq, 2002.
  13. Yo‘ldoshev J., Xasanova S. Jadid tarbiyashunosligi asoslari. –  Toshkent: O‘qituvchi, 1994.
  14. Oltinbek,O. Milliy axloq kitobi // Abdulla Avloniy. Turkiy guliston yoxud axloq. Hozirgi o‘zbek tilidagi bayoni. – Toshkent: Sano-standart, 2012.

 

 

Tayyorlagan ABX mutaxassisi:                             D.Utemuratova