Тақыятас районы
Мәлимлеме-китапхана орайы

Taxiatosh tumani Axborot-kutubxona markazida “Mutolaa qiluvchi onalar” mavzusida davra suhbati o‘tkazilgani haqida

Joriy yilning 10-oktyabr kuni Taxiatosh tumani Axborot-kutubxona markazi tomonidan Kitobxon onalar kuni munosabati bilan “Mutolaa qiluvchi onalar” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Davra suhbatining asosiy mehmoni kitobxon ona A. Shishenbaeva bo‘ldi. U kishi oilada va mahallada kitob mutolaasini targ‘ib etib kelayotgan, farzandlariga ibrat bo‘layotgan, bo‘sh vaqtini kitob o‘qish bilan mazmunli o‘tkazadigan ma’naviyatli onalardan biridir. A. Shishenbaeva badiiy adabiyot, tarbiyaviy va ma’rifiy kitoblarga alohida qiziqish bildiradi hamda farzandlarining kitobxon bo‘lib voyaga yetishiga katta e’tibor qaratadi.

Suhbatda MSHMBBga qarashli 4-sonli maktab kutubxonachisi Z. Urinbaeva hamda kitobxon yoshlar ishtirok etdilar.

Davra suhbati davomida kitobning inson ma’naviyati va dunyoqarashini yuksaltirishdagi o‘rni, farzand tarbiyasida ota-onaning mas’uliyati, bolalarda kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishni oshirish usullari haqida fikr-mulohazalar bildirildi. Ishtirokchilar o‘zlari sevib o‘qigan kitoblari, mutolaa tajribalari hamda farzandlari bilan birgalikda kitob o‘qishning ahamiyati haqida suhbatlashdilar.

Suhbat davomida kitobxon onalar tomonidan bildirilgan fikr va tavsiyalar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Shuningdek, ishtirokchilarga Axborot-kutubxona markazidagi kitoblar va yangi adabiyotlar bilan tanishish imkoniyati yaratildi.

Davra suhbati samimiy va ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Tadbir yakunida kitobxon ona — kitobsevar avlod tarbiyachisi ekanligi ta’kidlanib, ishtirokchilar mutolaa madaniyatini oilada keng targ‘ib etishga chaqirildi.

Kitobxon ona — ma’rifatli oila, ma’rifatli oila esa kelajak poydevori.