Тақыятас районы
Мәлимлеме-китапхана орайы

O’zbek halqining ardoqli farzandi – dilbar shoir, talantli dramaturg, yirik olim va tanqidchi Hamid Olimjon tavalludining 114 yilligiga bibliografik sharh

Hamid  Olimjon
(1909-1944)

          O’zbek  halqining  ardoqli farzandi – dilbar shoir, talantli dramaturg, yirik olim va tanqidchi  Hamid Olimjon o’zidan o’lmas  meros qoldirgan.  U o’zbek  she’riyatida  jo’shqin lirizimga asoslangan she’riyat maktabi  yaratgan  shoir.         Iste’dodli shoyir,  dramaturg, tarjimon  adabiyotshunos va  folklorshunos olim, davlat va  jamoat  arbobi  Hamid Olimjon  1909 yil 12 dekabrda Jizzax  shahrida  dunyoga  keldi.  Narimonov nomidagi  boshlang’ich maktabni tugatgach, Samarqand pedagogika bilim yurtida  (1923-1926) O’zbek  Pedakademiyasida  (1926-1931) o’qidi.         Hamid Olimjon  talabalik  yillardayok  she’r yozdi. Uning asarlari  1926 yildan  «Zarafshon»  gazetasida chiqa boshladi. 1927 yilda shoir mazkur ro’znoma muharririyatiga ishga o’tdi.  Hamid Olimjonning  «Ko’klam» nomli ilk she’riy  to’plami  1929 yilda bosilib chiqti.  Shundan so’ng «Olov sochlar» (1931), «O’lim yovga» (1932), «Poyga» (1932) kabi she’riy to’plamlari nashr etildi.         O’zbekiston Fanlar akademiyasining muhbir a’zosi  (1943) Hamid Olimjon o’zbek adabiyotining dolzarb masalalari bo’yicha qator ilmiy – tanqidiy  asarlar yaratdi. U A.S.Pushkin, L.N.Tolstoy, M.Gorkiy, V.Mayakovskiy, A.Serafimovich,  T.Shevchenko, M.Lermontov, N.Ostrovskiy, A.Korneychuk asarlarga tarjima qildi va ular haqida maqolalar yozdi.          O’zbek halq og’izaki ijodining ajoyib durdona asari «Alpomish» dostoni birinchi marta Hamid Olimjon  tomonidan nashrga tayyorlanib, so’z boshi bilan  (1938) chop etildi. U Alisher Navoyining 500 yilligini  o’tkazish yubeleyi komitetining a’zosi  sifatida ulug’ shoir  hayoti va ijodi  yuzasidan  ilmiy – tadqiqot ishlarini olib bordi. Hamid Olimjon 1939 yildan to 1944 yilda  avtomabil halokatiga uchrab  dunyodan ko’z yumganiga qadar O’zbekiston Yozuvchilari  uyushmasiga rahbarlik qildi.         Hamid Olimjon o’zining «Daryo kechasi»  (1936), «Chirchiq sohillarida» (1937), «O’lka» (1939), «Baxt » (1940) to’plamlari ,  «Ikki qizning hikoyasi » (1935-1937), «Oygul bilan Baxtiyor»(1937), «Zaynab va Omon» (1938), «Semurg’» (1939) dostonlari bilan novator shoir sifatida davrining ilg’or g’oyalarini tarannum etdi.         Ikkinchi jahon urishining olovli yillarida uning  «Muqanna» nomli sheriy  dramasi  yaratildiki, u hanuzgacha dramaturgiyamizning gultoji bo’lib kelayotir.  Iste’dodli shoir Hamid Olimjonning ko’pchilik asarlari qardosh halqlar va xorijiy halqlar  tillariga tarjima qilingan.

                      SНODLIK  VA  MUHABBAT  KUYCНISI
              (Hamid Olimjon hayoti va ijodi haqida ma’lumot. )

O’zbek lirikasi taraqqiyotiga ulkan xissa qo’shgan shoirlar orasida Hamid Olimjon  ijodi alohida ajralib turadi.         Hamid Olimjon faqat lirik  shoirgina  bo’libgina qolmay , «Oygul va Baxtiyor»,  «Semurg’», «Zaynab va Omon», «Roksananing ko’z yoshlari» singari dostonlari , «Muqanna» sheriy tragediyasi bilan ham mashhur. U ayni paytda tarjimon va adabiyotshunos olim ham  bo’lgan.          Hamid Olimjon  1909- yil 12-dekabrda Jizzax  shahrida tug’ildi.To’rt yoshida otasi  vafot  etgach,  bobosi qo’lida tarbiyalandi.  Azim bobo xatli-savodli kishilardan bo’lib, mashhur bahshi Fozil Yo’ldosh o’g’li Jizzaxlik do’st –yorlari huzuriga mehmon bo’lib kelganida uning uyiga ham tushar va shunday kunlarda Abdulhamid  bobosi pinjida o’tirib,  baxshining do’mbira jo’rligida aytgan doston va termalarini butun vujudi quloq bo’lib tinglar edi. Bo’lajak shoirning onasi Kamila aya esa xalq ertaklarining «koni» bo’lib,  Abdulhamid adabiyotga bo’lgan havasi shu ikki manbaning ta’sirida oshgan.         Bo’lajak shoirning shakllanishida yana bir muhim omil bor. Bu 1916-yil Jizzax qo’zg’alonidir. Jizzax shahrining to’pga tutilishi Abduhamid yashagan qo’zg’alonning er bilan yakson etilishi, boshqa Jizzaxliklar qatori , ular oilasining ham  chol-u biyobonga haydalishi uning murg’ak ongida iz qoldirmay qo’ymadi. U bolalik kezlaridayoq dunyoda sharqirab oqqon soy-u beg’ubor osmondan boshqa zulm va zo’ravonlik ham borligini ko’rib, sezib o’sdi.         Abdulhamid 1918-1923-yillarda Jizzaxda  ochilgan to’liqsiz o’rta maktabda, 1923-1928- yillarda Samarqanddagi o’zbek bilim yurtida, 1931 yillarda O’zbekiston pedagogika akademiyasida o’qib, oliy ma’lumotli bo’ldi. U dastlabki mashq she’rlarini 1925 yilda,  bilim yurtida o’qib yurgan kezlarida yoza boshladi. «Kimdir» deb nomlangan ilk she’ri esa 1926 yili «Zarafshon» gazetasida bosildi. Ko’p o’tmay u Hamid Olimjon imzosi bilan kattagina «Ko’klam» she’riy to’plamini e’lon qildi (1929).  Shundan keyin uning «Tong shabadasi» hikoyalari to’plami (1930),  «Olov sochlar», (1931), «Poyga», (1932), «She’rlar», «Daryo kechasi» (1936), «Baxt» (1940)kabi she’riy kitoblari e’lon qilindi. Hamid Olimjon urushgacha bo’lgan davrda iste’dodli shoir sifatida shuhrat qozondi.         1931-yili Hamid Olimjon pedakademiyani tugatib, Toshkentga ko’chib keldi. «Yosh leninchi» gazetasida, «Qurilish» va «O’zbekiston sho’ro adabiyoti» jurnallarida mas’ul kotib lavozimida xizmat qildi. 1932-1937-yillarda, «millatchi» sifatida ishdan haydalguniga qadar Madaniy qurilish ilmiy-texnik tekshirish institutida ishladi. Qatag’on to’lqinlari biroz susaygach, 1938 yilning boshlarida Hamid Olimjon O’quv-pedagogika nashiryotiga  ishga olindi. O’sha yilning noyabrida yangi tashkil etilgan Navoyi  komitetiga mas’ul kotib bo’lib ishga kirdi. 1937 yil aprelida esa O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi boshqaruvining kotibi etib tayinlandi.      Ikkinchi jahon urishining boshlanishi bilan Rossiya, Ukraina va Belarusiya kabi dushman bosib olgan yoki bosib olish mumkin bo’lgan respublikalardan ko’plab yozuvchi, adabiyotshunos va tarixchi olimlar insituti  va nashryotlar  O’zbekistonga ko’chirib  keltirildi. Hamid Olimjon shu yillarda o’zining katta tashkilotchilik iste’dodini namoyish etib,  bu ijodiy kuchlardan o’zbek adabiyotining rivojlanishi yo’lida, mumtoz va zamonaviy o’zbek yozuvchilari asarlarning rus tiliga tarjima va nashr etilishida  samarali foydalandi.  Hamid Olimjon ijodi ayni gullab-yashagan bir davda, 1944 yil 3-iyulda avtomabil halokati natijasida vafot etdi.        Hamid Olimjonning adabiy merosi,she’riyatdan tashqari,  hikoya va ocherklar , «Muqanna» va  «Jinoyat» pesalari, adabiy-tanqidiy maqolalar va tarjimalardan  iborat bo’lib, ular shoirning 10 jildlik  «Mukammal asarlar to’plami» da e’lon qilingan.         Hamid Olimjon she’riy ijodi 30-yillarning boshlarida shakllanib, shu davr ruhini o’ziga singdirgan. Uning «Temur qonun», «Nima bizga Amerika?»,  «Baxtlar vodiysi» singari she’rlari  va «Olim yovga» dostonida sinfiy kurash sotsialistik qurilish ishlari  avj  olgan  davr  o’z aksini topgan.         Lekin 30-yillarning o’rtalariga kelib,  Hamid Olimjon ijodida «ko’ngil lirikasi» namunalarining paydo bo’lishi bilan,  uning lirik iste’dodi   chaman  gullari  bilan  ochila  boshladi. Hamid Olimjon shu davrda yaratilgan eng yaxshi she’rlari bilan o’zbek lirikasiga  go’zal  insoniy tuyg’u kechinmalar, tabiat manzaralari tasvirini olib kirdi,  o’zbek she’riyatining badiy imkoniyatlarini boyitib,  unga xamidona musiqiy latofat va joziba bag’ishladi.          Hamid Olimjon lirikasi o’zbek shoirlarining keyingi avlodlari uchun badiy mahorat maktabi bo’lib hizmat qildi. Hamid Olimjon  lirikasining eng mashxur na’munalaridan biri «O’rik gullaganda» she’ridir. Bu she’rning badiy tomonlarini yoritishdan avval uning yaratilish tarixi to’g’risida bir og’iz so’z aytish joyiz, deb oylaymiz.         1937-yilning mart oyida Hamid Olimjon O’zbekiston hukumat delegattsiyasi tarkibida Qozog’istonga borgan. Qardosh Respublikaning o’sha kezlarda bo’lib o’tgan tantanalarida ishtirok etib, o’sha erda «Qozog’iston» degan mashhur she’rini  yozgan va o’qib bergan. Keksa qozoq  oqini bilan uchrashib, uning  baxt  va  saodat sohilidan chetda kechgan hayoti bilan tanishgan.         Hamid Olimjon qardosh do’stlar diyorida bo’lgan kunlarda Olma-ota  qalin qor gilami ostida, chirsillama qish havosi bilan nafas olayotgan edi. Shuning uchun ham  mart oyining so’ngi kunlarida Toshkentga kaytgan shoir o’z hovlisidagi bir tup o’rikning chaman bo’lib ochilib turganini ko’rib, ilhom og’ushiga  g’arq bo’ladi:

Derazamning oldida bir tup
O’rik oppoq bo’lib gulladi.

She’rning bu dastlabki satrlarida shoir o’ziga qattiq hayajon bag’ishlagan, hatto eng mashhur she’rining maydonga kelishiga sababchi bo’lgan voqeani shunday tasvirlaydi. Bu tasvirda shoirni qurshagan his-hayajondan bironta belgi ham yo’q. Bayt, huddi gazeta xabaridek, quruq faktning qaydidan iborat. Lekin Hamid Olimjon she’rning keyingi bandlarida o’rikning gullab turgan  manzarasini chizar ekan,  shoiraona latif obrazlar va ifodalardan foydalanadi. Natiyjada she’rga sekin-asta bahor nafasi kirib kela boshlaydi.

Navdolarni bezab g’unchalar

Tongda aytdi hayot otini

Va shabboda qurg’ur ilk sahar

Olib ketdi gulning totini….

Hamid Olimjon lirikasining durdonalaridan  yana biri «Ofeliyaning o’limi»dir. She’r hozirgi O’zbek Milliy teatri sahnasida «Hamlet» spektaklining qo’yilishi munosabati bilan 1936-yilda yozilgan. O’zbek sahnasining go’zal yulduzlaridan biri Shohida Maxzumova  mazkur spektaklda Ofeliya obrazini shunday qoyilmaqom qilib yaratgan ediki, Hamid Olimjon, shoira Zulfiyaning aytishicha,  uning ijrosidan uzoq vaqtgacha qattiq hayajonda yurgan. Ammo she’rni o’qir ekanmiz, unda ijrochini emas,  Ofeliyaning o’zini butun go’zalligi, dartlari, armonlari va fojiasi bilan ko’rgandek bo’lamiz. She’r  tort qisimdan iborat. Birinchi qismda shoyir es-xushidan ayrilib, bir dasta oppoq gulni quchib yurgan  Ofeliyaga qarab: «Orzuing bor kuylashga ,lekin qalbingdan Tarqalar bir mayus va g’amgin sazo …», degan so’zlar bilan murojaat etadi. Bor yo’g’i to’rt satrdan iborat bu birinchi qismdan keyin shoir  Ofeliyaning baxtsiz kismatiga sherik bo’lgan, uning g’am va alamdan bichilgan libosiga kirib olgan kishidek falakdan zorlanadi, unga hush va chiroy berish bilan birga hayotini azob va uqibat bilan zaharlagan zamondan shikoyat qiladi, shu zamonga, tabiatga g’azab o’tlarini sochadi:

Javob berib  qo’rchi, nomard tabiat,

Bunchalik go’zalni nechun yaratding?!

O’zing gunohkorsan, osisan behad,

Nechun yaratding-u o’tlarga otding?

Hali sevishmoqda shumidir ma’no?

Faqat azob bordir qismatda, nahot?

Naxotki, sevgiga shudir tamanno?

Nahot go’zal uchun faqat, faqat dod!…

Odatda «Muqanna», «Jololiddin Manguberdi» singari tragediyalarning ijodiy tarixi  to’g’risida so’z borganda, ularning ikkinchi jahon urishi yillarida jang maydonlarida kurashayotgan va mehnat jabxalarida faoliyat olib borayotgan halqni jasorat va qahramonlikka chorlash maqsadida, davrning ijtimoyi buyurtmasi sifatida yozilgani aytiladi. Ammo Hamid Olimjon ijodining tadqiqotchilari bergan ma’lumotga ko’ra, shoir  Muqanna qo’zg’aloniga  bag’ishlangan sahna asarini yozishga 1937-yildayoq kirishgan  va hatto o’sha yili asarning birinchi pardasini yozib tugatgan. To’g’ri, 1937-yilda shoir ustida ham qatag’on bulutlarining  to’planishi bilan u asar ustidagi ishni to’xtatib qo’ygan va 1942-yilning boshlarida asarga qayta kirishib, o’sha yilning 12- fevralida birinchi pardaning  yangi  nushasini yozib tugatgan. 1942-yil 31-mayda esa asar ustidagi ish uzil-kesil yakunlangan.

Tayyorlagan ABX mutaxassisi:                              D.Utemuratova