O’zbek tiliga Davlat tili maqomi berilganiga 33 yil to’lish munosabatiga «Ona tilim – iftixorim» mavzusida bibliografik ko’rsatkich
“O‘zbek tili kambag‘al emas, balki o‘zbek tilini kambag‘al deguvchilarning o‘zi kambag‘al. Ular o‘z nodonliklarini o‘zbek tiliga to‘nkamasinlar”.
Abdulla Qodiriy
Tarix guvohki, mana bir necha ming yillardan beri ona tilimiz hanuzgacha o’zining ahamiyatini yo’qotmay kelmoqda. O’zbek tilining eng ahamiyatli jihati shundaki, u shunday shirali, har bir quloqqa xush yoqadi, eshitgan inson entikib ketadi. Jonajon tilimiz, shoir Mirtemir aytganidek, yoshligimizdanoq jon-u qulog’imizga singib ketgan. Onalarimiz aytgan allalari-yu, bobo-buvilarimizdan eshitgan ertak, hikoya, rivoyat va masallar orqali yuragimiz tub-tubigacha kirib borgan, o’z navbatida ona tilimizga, ona vatanimizga muhabbat uyg’otgan. O’zbekistonning har bir fuqarosi o’z ona tilini sevadi, uni hurmat qiladi va e’zozlaydi. Chunki aynan shu til orqaligina har qanday millatning qay tarzda yashayotganligini, rivojlanayotganligini, yoki aksincha, orqada qolayotgan va qashshoqlashib borayotganligini bilishimiz mumkin. Shuning uchun ham bejizga: “Til – millat ko’zgusi”, – deyishmaydi. Milliy tilimizga, ona tilimizga bo’lgan e’tibor, nafaqat bugungi kunda, balki tarixning barcha davrlarida ham dolzarb ahamiyat kasb etib kelgan. Shu o’rinda bobolarimiz aytgan quyidagi purma’no fikrlarni eslaylik: “Har bir millatning dunyoda borligini ko’rsatadurgon oyinayi hayoti til va adabiyotdir. Milliy tilni yo’qotmak millat ruhini yo’qotmakdur” (M.Behbudiy). E’tibor beryapsizmi, milliy tilni yo’qotmak millat tilini yo’qotmakka qiyoslanmoqda. Darhaqiqat, tilning ahamiyati, uning mavjudligi har qanday yurt, millat taraqqiyotini belgilab berishi shubhasiz. Ayniqsa, bugungi globallashuv dunyo xalqlarining turmush tarzi umumiylik kasb etgan bir davrda yuqoridagi so’zlarning zalvori ikki hissa ortadi. Til – millat ko’zgusi, ma’naviyat sarchashmasidir. O’zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Abdug’anievich Karimov bejizga ona tilimizni: “Jamiki ezgu fazilatlar inson qalbiga, avvalo, ona allasi, ona tilining betakror jozibasi bilan singadi. Ona tili – bu millatning ruhidir” deya e’tirof qilmagan. O’z tilini yo’qotgan har qanday millat o’zligidan judo bo’lishi muqarrar. Ona tilimiz hisoblanmish o’zbek tilini maqtab, uni madh etib, hattoki shu mavzuda qasidalar yozib, qalam tebratgan shoir-u shoiralarimiz nihoyatda bisyor. Ushbu bibliografik ko’rsatkich yosh avlodlarga ona tilimizni qadrini yanada yaxshi bilishlari uchun yozilgan. Bibliografik ko’rsatkich barcha xodim va kutubxona foydalanuvchilari uchun yozilgan.Ko’rsatkichga kirgizilgan materiallar: 1) Tilni anglash – o’zlikni anglash demakdir. 2) Mustaqillik ramzi va muqaddas qadriyat. 3) Ona tilim – qalbim quyoshi. Tilni anglash – o’zlikni anglash demakdir.
Til millatimiz ruhi, uning bebaho xazinasidir. Ma’lumki, o’zbek tili jahondagi boy va qadimiy tillardan biridir. Xalqimizning ko’p asrlik madaniy, ilmiy-ma’rifiy va badiy tafakkuri, intellektual salohiyatining yorqin va bebaho mahsuli bo’lgan tilimizning davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini oshirish qonun bilan mustahkamlangan. Bundan qariyb 33 yil muqaddam o’zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan edi. Ya’ni 1989 yil 21 oktyabr. “Davlat tili haqida”gi Qonun qabul qilinib, o’zbek tiliga Davlat tili maqomi berildi. Xalqimizning muqaddas qadriyatlaridan biri bo’lgan ona tilimiz o’zining qonuniy maqomi va himoyasiga ega bo’ldi. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ham Davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo’yildi. Shu tariqa o’zbek tili davlatimizning bayrog’i, gerbi, madhiyasi kabi qonun yo’li bilan himoya qilinadigan muqaddas davlat ramzlari qatori e’zoz va ehtiromga sazovor bo’ldi. Keyingi yillarda Davlat tilining ijtimoiy hayotda tutgan mavqeini yanada mustahkamlash maqsadida bir qator ishlar olib borilmoqda. Jumladan, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 21oktyabrdagi farmoni bilan O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi apparatining tarkibiy bo’linmasi hisoblangan Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil qilindi. Bundan ko’zlangan maqsad Davlat tilini rivojlantirish, davlat tilining amal qilishi bilan bog’liq muammolarni aniqlash va bartaraf etish bo’yicha takliflar tayyorlash, o’zbek tilining yozma matni me’yor va qoidalarini ishlab chiqishdan iborat. Darhaqiqat, davlatimizning ulug’ timsoli bo’lgan tilni asrash-avaylash, rivojlantirish – millat yuksalishi demakdir. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo’yilgan. O’zbek tili mustaqil davlatimizning bayrog’i, gerbi, madhiyasi qatorida turadigan, konun yo’li bilan himoya qilinadigan muqaddas davlat ramziga aylandi. Bugun yurtimizda turli millat vakillari bir-birlari bilan bir maqsad yщlida totuv, axil-inoq, hamjihatlikda yashab kelmoqda. Yurt farovonligi, tinchligi va ravnaqi yo’lida mehnat qilishi barobarida, o’zbek tiliga nisbatan yuksak hurmat, ehtirom ko’rsatib, uzaro muomala, tarbiya va ta’lim olishda tilni erkin tanlash huquqiga egadir. Bugungi kunda o’zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obru-e’tiborini tubdan oshirish, unib-o’sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat, ulug’ ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to’laqonli joriy etishni ta’minlash borasida samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Ma’lumki, 2019 yil 21 oktyabr kuni Prezidentimizning «O’zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari tug’risida»gi farmoni qabul qilindi. Farmonga binoan 21 oktyabr sanasi yurtimizda «O’zbek tili bayrami kuni» deb belgilandi. 2020 yil 10 aprel kuni davlatimiz rahbari «O’zbek tili bayrami kunini belgilash tug’risida»gi qonunni imzoladi. Endilikda har yili 21 oktyabr umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanadi. Ma’lumotlarga qaraganda, bugungi kunda er yuzi aholisi uch mingga yaqin tilda so’zlashar ekan. Ular orasidan ikki yuzi yaqinigina davlat tili maqomiga ega. Ana shular orasida o’zbek tilining ham borligi har bita yurtdoshimiz qalbida faxr – iftixor tuyg’usini uyg’otadi.
O’zbek tilim – sen o’zligim, g’ururim,
Bobolarim asrab kelgan durdonam.
Qalbimni yoritgan nurafshon nurim,
Sen qalbimga, qalbim senga parvonam.
Sensiz ne qilardi buro zabonim,
Betinim bildirgan fikrlarimisan.
Sen otam tilisan, sen onajonim,
Sen mening Allohga shukrlarimsan.
Mustaqillik ramzi va muqaddas qadriyat.
Xalqimizning tarixiy, madaniy va ma’rifiy boyligi bo’lgan o’zbek tilining davlat tili maqomini olishi davlat mustaqilligini belgilashning dastlabki qadamlaridan biri bo’ldi, desak mubolag’a bo’lmaydi. Dunyoda mavjud bo’lgan barcha tillarga ham davlat tili degan sharafli maqom nasib etmagan. Davlat tili davlatning rasmiy tilidir. Davlat tilida qonunlar va boshqa me’yoriy xujjatlar tayyorlanadi. Davlatning butun faoliyatida ish yuritish davlat tilida amalga oshiriladi. Davlat tilini to’laqonli joriy etishni ta’minlash maqsadida 2019 yil 21 oktyabrda O’zbekiston Respublikasi Prezidentining «O’zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari tug’risida»gi farmoni imzolandi. Farmonda 21 oktyabr sanasini O’zbek tili bayrami kuni sifatida nishonlash, Davlat tilini rivojlantirish departamentini tashkil etish, davlat tili tug’risidagi qonun xujjatlariga rioya etilishi ustidan monitoringni amalga oshirish, davlat tilining yozma nutqi me’yor va qoidalarini ishlab chiqish va lotin yozuviga asoslangan o’zbek alifbosini to’liq joriy etish, davlat tilini rivojlantirish bo’yicha normativ-huquqiy xujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, shuningdek, davlat tilini rivojlantirish bo’yicha dasturlar va «yo’l xaritalari»ni ishlab chiqish ko’zda tutilgan. Mamlakatimizda farmonda ta’kidlab o’tilgan chora-tadbirlar ijrosini ta’minlash maqsadida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. «Davlat tili haqida»gi qonun o’zbek tilining erkin rivojlanishi, davlat va jamoat organlarida asosiy ish yuritish tiliga aylanishi va tilimiz muhofazasi yo’lida qilingan huquqiy xarakat bo’lib, tilimizni davlat tili maqomi bilan mustahkamladi. Mustaqil O’zbekistonning Konstitutsiyasida ham til masalasi o’z aksini topgan. Konstitutsiyaning 4-moddasida «O’zbekiston Respublikasining davlat tili o’zbek tilidir. O’zbekiston Respublikasi o’z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi», degan jumlalarda mustahkamlangan. O’zbek tilining rivoji va ravnaqi uchun davlatimiz tomonidan barcha imkoniyatlar, shart-sharoitlar yaratilgan. Mamlakatimizda yashovchi har bir fuqaro, o’z ona tilidan tashqari, muqaddas qadriyat hisoblangan davlat tilini ham zarur darajada bilishi lozim. Qonun yo’li bilan himoyaga olingan ona tilimizni asrab-avaylashimiz, uni har tomonlama rivojlantirishimiz, uning rasmiy doiradagi nufuzini yanada oshirishimiz va takomillashtirishimizhar birimiz uchun farz va qarzdir.
Ona tilim – qalbim quyoshi. Til insonlarning o‘zaro aloqa vositasi bo‘lib, yaratuvchining insonga bergan bebaho ne’matidir. Dunyoda har bir xalqning o‘z ona tili uning bebaho boyligi, iftixori hisoblanadi. Hikmatli so‘zlar, she’ru dostonlar, qo‘shiqlar, avvalo millatning ona tilida dunyoga keladi. Millat bor ekan, uning tili ham yashaydi, tili yashar ekan u millat boshqa millatlar orasida o‘z nufuzi, obro‘siga ega bo‘ladi. Shu o‘rinda Muhtaram yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevning «Kimda-kim o‘zbek tilining bor latofatini, jozibasi va ta’sir kuchini, cheksiz imkoniyatlarini his qilmoqchi bo‘lsa, munis onalarimizning allalarini, ming yillik dostonlarimizni, o‘lmas maqomlarimizni eshitsin, baxshi va hofizlarimizning sehrli qo‘shiqlariga quloq tutsin» degan so‘zlaridan shuni anglab yetishimiz kerak.
Biram ko’rkam, biram maftunkor,
She’r bitmoqqa mavzular bisyor.
Ammo sening madhingdan bo’lak,
Yozganlarim barchasi bekor.
Seni desam yayraydi dilim,
Iftihorim, ey, ona tilim!
Navoiy ham uning oshig’i,
Va devona Mashrab qo’shig’i.
O’tmishingni o’ylasam ba’zan,
Ko’zlarimga keladi yig’i.
Nokaslardan asragan gulim –
Bahorimsan, ey, ona tilim!
Ajdodlarimiz, ota-bobolarimiz aynan ona-tilimiz orqali jahonga o’z so’zini aytib kelganlar. Shu tilda buyuk madaniyat namunalari, ulkan ilmiy kashfiyotlar, badiy asarlar yaratganlar.Til – millat ko’zgusi, ma’naviyat sarchashmasidir. Ona tilimiz hisoblanmish o’zbek tilini maqtab, uni madh etib, hattoki, shu mavzuda qasidalar yozib, qalam tebratgan shoir-u shoiralarimiz nihoyatda bisyor.Shu kunlarda mamlakatimiz bo’ylab nishonlanayotgan “O’zbek tili bayrami” yana bir bor ona tilimizning beqiyos ahamiyati, tarixiy qadr-qimmatini ko’z oldimizda namoyon etdi. Shuni ham alohida ta’kidlab o’tish joizki, Davlatimiz Rahbari Shavkat Mirziyoevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 75-sessiyasida o’zbek tilida nutq so’zlagani insonga o’zgacha g’urur va iftixor tuyg’usini bag’ishlaydi. Milliy tilimizning jahon minbarlarida yangrashi esa o’zga xalqlarning tilimizga nisbatan hurmat va ehtiromini uyg’otgan bo’lsa ajab emas. Zero, Abdulla Avloniy aytganidek, “Har bir millatning dunyoda borligini ko’rsatadurgan oyinai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yo’qotmak millatning ruhini yo’qotmakdur”. Rivojlanishdan, taraqqiyotdan ortda qolmaslik yaxshi, ammo milliy tilimiz, milliyligimizni unutmasligimiz kerak. Har qadamda, hamma vaqt millatimizning yuragi, ruhi, tom ma’noda joni hisoblangan jonajon ona tilimizni asrashimiz, avaylashimiz lozim. Shu o’rinda ma’rifatparvar bobomiz Alixonto’ra Sog’uniyning quyidagi fikrlari e’tiborga molik: “Qaysi bir millatning ona tili o’z hojatini o’tayolmay, boshqa yot tillar oldida mag’lubiyatga uchrab tiz bukar ekan, unday millat ko’p uzoqlamay, insoniy tuyg’ularidan ajragan holda hayot daftari ustiga inqiroz qalami chekilishi shubhasizdir. Unday millatlar yolg’izgina Vatanlaridan emas, balki butun borlig’i bilan tarix yuzidan yo’qolishga majbur bo’ladi”. Zero, Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, “Har birimiz davlat tiliga bo’lgan e’tiborni mustaqillikka bo’lgan e’tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz lozim”. Chunki yillar o’tib, qaysi yurtning farzandlari o’z ona tillarida o’qishni to’xtatsa, o’sha til yo’qlik qa’riga singib ketadi. Shu sababli ham tilning yot ta’sirlardan saqlash xalq taraqqiyoti va kelajagini belgilaydi. Ona tili xalqni birlashtiradi, tarbiyalaydi, o’qitadi, urf-odat, an’analarini saqlaydi. Shunday ekan, ona tilimizning xalqaro miqyosdagi obro’-e’tiborini yuksaltirishda, uni milliy va umumbashariy tushunchalar asosida taraqqiy etgan tillar safiga qo’shishda har birimiz tilimizga chuqur hurmat bilan yondashimiz kerak. Zero, til bor ekan, millat barhayotdir.
Foydalanilgan adabiyotlar
Tayyorlagan: J.Kadirbaeva
2020 - 2026© Тақыятас районы Мәлимлеме-китапхана орайы