Тақыятас районы
Мәлимлеме-китапхана орайы

Taxiatosh tumani Axborot-kutubxona markazi tomonidan “Adolat va tenglik” mavzusida davra suhbati o‘tkazilgani haqida

Joriy yilning 14-oktyabr kuni Taxiatosh tumani Axborot-kutubxona markazi tomonidan Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli 3-sonli maktabning chaqiriqqacha boshlang‘ich tayyorgarlik rahbari R. Halikov hamkorligida “Adolat va tenglik” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Davra suhbati davomida R. Halikov o‘quvchilarga inson huquq va erkinliklarining mazmun-mohiyati, ularning jamiyat hayotidagi o‘rni hamda ahamiyati haqida batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, har bir inson millati, jinsi, tili, dini va ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, teng huquq va erkinliklarga ega ekanligi, inson huquqlari qonun bilan himoya qilinishi hamda O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning muhim vazifalaridan biri ekanligi ta’kidlandi.

Shundan so‘ng Axborot-kutubxona markazi mutaxassisi N. Mamutova so‘zga chiqib, inson huquqlari bilan bir qatorda, har bir fuqaroning burch va majburiyatlari ham mavjudligini tushuntirdi. Jumladan, qonunlarga rioya qilish, boshqa insonlarning huquq va erkinliklarini hurmat qilish, tabiatni asrash hamda jamiyat oldidagi mas’uliyatni his etish har bir fuqaroning muhim burchi ekanligini alohida ta’kidladi.

Davra suhbati davomida o‘quvchilar mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.

Tadbir yakunida adolat va tenglik tamoyillariga rioya qilish, inson huquqlarini hurmat qilish hamda yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish muhim ahamiyatga ega ekanligi qayd etildi.